16 Iyun 2020 yil 657

Andijon viloyatining 3-sektoriga qarashli Andijon tumanida aholini bandligini ta'minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yarmarka tashkil etildi

Andijon tuman hokimligida ehtiyojmand oilalar sharoitini yaxshilash, ularni daromadga yo‘naltirish, bandligini ta'minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yarmarka tashkil etildi.Tadbirda tumandagi banklar aholiga o‘zlarining imtiyozli kreditlari, mini klasterlar echkichilik, parrandachilik va quyonchilik yo‘nalishida takliflari bilan ishtirok etdilar.

Banklar tomonidan ehtiyojmand oilalarga qishloq xo‘jaligi texnikalari imtiyozli kredit asosida shu yerning o‘zida rasmiylashtirildi.Yarmarkada, echkichilik, quyonchilik va parrandachilik klasterlarini kambag‘al oilalarga taklif etayotgan loyihasi haqiqatda daromad manbaiga aylanishi mumkin. Tumanda echkichilik yo‘nalishida ish olib borayotgan klasterlar kambag‘al oilalarga hamkorlikda boqish uchun echkilar tarqatadi.

Bunda, klaster tomonidan bank krediti hisobiga olingan echkilar ehtiyojmand oilalarga 2 boshdan beriladi. Klaster echkilardan olingan sut mahsulotini xonadon egalaridan yig‘ib olib, ularga ma'lum miqdorda haq to‘laydi. Foyda hisobidan bankdan olgan kreditni klaster o‘zi qoplaydi. Klasterning asosiy maqsadi  echkichilik tajribasini ehtiyojmand oilalarga o‘rgatish va biznesiga sherik qilish. 

Tadbirda tuman bandlik bo‘limi tavsiyasiga asosan o‘ndan ziyod ehtiyojmand oilalarga bir sotixdan issiqxonalar qurib berish rejalashtirildi. Issiqxona qurish ishlari “Markaz bizness tomorqa xizmati” MChJ tomonidan amalga oshiriladi. 1 sotix yer maydonini egallaydigan har bir issiqxona qiymati 4,5 mln so‘mga teng. Bu pul mablag‘lari bandlik bo‘limining maxsus jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

Bundan tashqari, yarmarkada ehtiyojmand oilalarga viloyat bank filiallari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturi asosida imtiyozli bank kreditlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

O‘tkazilgan yarmarkada Andijon tumani IIO Probasiya guruhi hisobidagi 31 nafar shaxslar qatnashdi. Ularning 14 nafari kam ta'minlangan nazorat ostidagi shaxslar bo‘lib, 3 nafarining bandligini ta'minlash maqsadida ishga joylashishlari uchun yo‘llanma berildi. Shuningdek, ushbu shaxslarning 2 nafariga moddiy yordam ko‘rsatilib, yana 2 nafariga tadbirkorlik qilish maqsadida imtiyozli kredit ajratish maslalari ko‘rib chiqildi.    

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati   

Text to speech