1 Dekabr 2021 yil 446

Andijonda “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri o‘tkazildi  

2021-yil 30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘ining maslahatchisi general-leytenant Matlyubov Baxodir Axmedovich, Vazirlik Faxriylar kengashi aʼzolari general-mayor Karimov Raim Karimovich, polkovnik Azizxo‘jayev Avaz Abbosovich, Vazirlik Akademiyasi professori polkovnik Qobilov Sharif Raximovich, Andijon viloyati ichki ishlar organlarining faxriylari va yosh xodimlari, akademik litsey o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurti talabalari bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

O‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik A.M.Imyaminov kirish so‘zi bilan ochib, Xalqimiz uchun muqaddas va bebaho bo‘lgan tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda ko‘pni ko‘rgan insonlar, keksa avlod vakillarining ustozlarcha maslahat va yo‘l-yo‘riqlari g‘oyat qimmatli ekanligini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash, o‘tkazilayotgan islohotlarni jadallashtirish hamda yosh avlodni vatanga muhabbat, xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalashdek masʼuliyatli vazifalarni bajarishda g‘amxo‘r ustoz va tajribali murabbiy sifatida kamarbasta bo‘lib kelayotgan faxriylarga  minnatdorchilik bildirdi.

O‘zaro ishonch va samimiylik asosida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i maslahatchisi general-leytenant Matlyubov Baxodir Axmedovich yig‘ilishda ishtirok etayotgan yosh xodimlarga o‘zining nasihatlari, o‘gitlarini berib, kelgusida xizmat faoliyatlarida doimo kamarbasta bo‘lishini, barcha faxriylarning boy amaliy va hayotiy tajribasidan yosh xodimlar o‘zlarining xizmat faoliyatida foydalanishi lozimligini taʼkidlab o‘tdi.

Tadbir davomida Andijon viloyati oliy o‘quv yurti rektorlari, ichki ishlar organlari faxriylari hamda xizmatda yuqori natijalarga erishib kelayotgan yosh xodimlar va IIV Andijon Akademik litseyi o‘quvchilariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i maslahatchisi general-leytenant B.A.Matlyubovning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech