7 Sentyabr 2020 yil 739

Asakada sodir etilgan jinoyatga sabab bo‘lgan omillar keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

2020 yilning 4 sentyabr' kuni soat 12:40 larda Asaka tumani, Qadriyat MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M.U yashash uyida turmush o‘rtog‘i M.N (ayol) bilan oilaviy kelishmovchiliklar sababli o‘zaro janjallashib, xo‘jalik pichog‘i bilan M.N.ning bo‘yin va qorin qismlariga bir marotabadan urgan va unga nisbatan og‘ir tan jarohati yetkazgan.Buning oqibatida M.N  voqea joyida vafot etgan. Fuqaro M.U ushlanib,ashyoviy dalil sifatida undan bir dona xo‘jalik pichog‘i olingan.

Mazkur holat yuzasidan Asaka tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro M.U JPKning 221-moddasiga asosan prosessual tartibda ushlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu noxush holatni sodir etgan fuqaroning qilmishi Qadriyat mahallasida yashovchi keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Andijon viloyati prokurorining 1-o‘rinbosari podpolkovnik F.Raxmonov hamda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov raisligida o‘tkazilgan muhokamada ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tub ildizigacha tahlil qilindi.

Unda kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibatning yo‘qolib borayotganligi, ko‘pchilikning befarq va loqayd bo‘lib kun kechirishga o‘rganib qolganligi, fuqarolarimizni atrofida bo‘layotan hodisalarga tomoshabin bo‘lib turishlari keskin qoralandi.

Shuningdek, pichoq bilan kimgadur tajovuz qilish erkak kishi uchun katta isnod ekanligini, bo‘lib o‘tgan bu voqeani muxokamada ishtirok etganlarning barchasi oilasi, qarindosh-urug‘lari, mahallasidagilarga ibrat olish maqsadida yetkazishlari shart ekanligi qayta-qayta ta'kidlandi.Shuningdek, Bu kabi mudxush jinoyat uchun jazo mukarrarligi ta'minlanishi alohida  ta'kidlab o‘tildi.

Muhokama so‘ngida  Asaka tumanidagi mavjud barcha maxalla fuqarolar yig‘inlarida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini tub ildizigacha keng jamoatchilik vakillariga yetkazish bo‘yicha sektor rahbarlari,hududiy proflaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari,ko‘chaboshilari,oqsoqollari hamda mahalla faollariga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech