17 May 2022 yil 407

IIV Andijon akademik litseyida “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2022-yil 17-may kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Andijon akademik litseyida “Vatan” xayriya jamoat fondi boshqaruv raisi Sadikov Botir Gafurovich boshchiligida IIV faxriylari bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.

O‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik A.T.Raxmanov kirish so‘zi bilan ochib, xalqimiz uchun muqaddas va bebaho bo‘lgan tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda ko‘pni ko‘rgan insonlar, keksa avlod vakillarining ustozlarcha maslahat va yo‘l-yo‘riqlari g‘oyat qimmatli ekanligi, nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash, o‘tkazilayotgan islohotlarni jadallashtirish hamda yosh avlodni vatanga muhabbat, xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalashdek masʼuliyatli vazifalarni bajarishda g‘amxo‘r ustoz va tajribali murabbiy sifatida kamarbasta bo‘lib kelayotgan barcha faxriylarga minnatdorchilik bildirdi.

O‘zaro ishonch va samimiylik asosida bo‘lib o‘tgan  uchrashuv davomida “Vatan” xayriya jamoat fondi raisi B.Sadikov, isteʼfodagi polkovniklar A.A.Shelko, V.F.Golovinlar yosh xodim va o‘quvchilarga o‘zlarining nasihatlari, o‘gitlarini berib, kelgusida xizmat faoliyatlarida doimo kamarbasta bo‘lishini, barcha faxriylarni boy amaliy va hayotiy tajribasidan yosh xodimlar o‘zlarining xizmat faoliyatida foydalanishi lozimligini taʼkidlab o‘tdilar.

Tadbir davomida “Vatan” xayriya jamoat fondi tomonidan taqdirlangan faxriylarga esdalik ko‘krak nishonlari topshirildi. Shundan so‘ng IIV Andijon akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sheʼriy chiqishlar , go‘zal raqslar va kuylar guldastasi namoyishi barcha tadbir ishtirokchilari va faxriylarga yuqori kayfiyat baxshida etdi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech